MARG‘ILON SHAHAR JAMIYATI YANGI BINODA

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 14 ta viloyat hududiy birlashmalari, 195 ta tuman va shahar jamiyatlari faoliyat olib bormoqda. Jumladan, Marg‘ilon shahrida ham iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyati faoliyat olib borayotgan bo‘lib, shahar jamiyati federatsiyaning yetti ming nafardan ortiq a’zolarini o‘z saflariga birlashtirgan. Shahardagi 30 dan ortiq korxona, tashkilot, idora va muassasalarda federatsiyaning boshlang‘ich tashkiloti maqomiga ega bo‘lgan Tayanch guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu kunga qadar federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati o‘z ma’muriy binosi mavjud emasligi sababli ijarada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Bugun, 2018 yil 26 mart kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining amaliy ko‘magi, federatsiyaning Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi va Marg‘ilon shahar jamiyatining sa’y-harakatlari bilan shahar jamiyati barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, zamonaviy tipdagi ma’muriy binoga ega bo‘ldi.

Ma’muriy binoni ochilish marosimida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov, Marg‘ilon shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev hamda Qorqalpog‘iston Respublikasi federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari va tuman (shahar) jamiyatlari rahbarlaridan iborat mehmonlar ishtirok etdilar.

Yangi ma’muriy bino federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov va Marg‘ilon shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayevlar tomonidan tantanali ravishda ochib berildi va foydalanishga topshirildi.

Shundan so‘ng mehmonlar va tadbir ishtirokchilari shahar jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishib, tadbir doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar o‘rtoqlashildi.