Yangiliklar

MIB XODIMLARINING XATOSI SABAB FUQAROGA 1 MLN 300 MING SO‘M QARZDORLIK YOZILDI

    Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi fuqaro, tadbirkor M. Tursunov iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ishonch telefoni orqali murojaat qilib, ayni vaqtda duradgorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini va oilaning boquvchisi ekanligini keltirib o‘tgan.

  MIB xodimlari fuqaroning xonadoniga borib, elektr energiyasidan 1 300 000 so‘m qarzdorligi borligini, qarzdorlikni zudlik bilan bartaraf etmasa, tarmoqdan uzishlarini aytgan. Iste’molchi MIB xodimlariga barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borganligini ma’lum qilgan va to‘lov cheklarini ko‘rsatgan.

    Jamiyat mas’ul xodimlari fuqaro xonadoniga tashrif buyurib, holat bilan tanishib, taqdim qilingan to‘lov qog‘ozlari o‘rganib chiqildi. Elektr energiyasi hisobini yurituvchi hisoblagich holati ko‘zdan kechirildi. Ushbu holat bo‘yicha tuman elektr ta’minoti korxonasiga aloqa xati kiritildi. O‘tgan yillarda hisob-kitoblarni olib borishda yuzaga kelgan xatoliklar fuqaroga yuqoridagi summadagi qarzdorlikni hisoblanishiga olib kelganligini ko‘rsatdi. Natijada, tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan mazkur xatoliklar to‘g‘rilanib, qarzdorlik summasi iste’molchidan olib tashlandi.