MODDIY ZARARNING OLDI OLINDI!

Buvayda tumani “Sho`r” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi fuqaro Mirzarahim Dehqonov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Murojaatda qayd etilishicha iste’molchi tuman markazidagi savdo do`konlarining biridan umumiy qiymati 2 660 000 so`mlik sement sotib olgan, ustalar shu sementdan uy uchun poydevori quygan, lekin oradan bir oyga yaqin vaqt o`tishiga qaramasdan fundament talab darajasida qurib-qotmayotganini, bu masalada sotuvchiga qilgan murojaati esa ijobiy xal etib berilmayapti.

Tuman jamiyati xodimlari iste’molchi murojaatini o`rganib chiqish maqsadida fuqaroning qurilish ishlarini amalga oshirayotgan joyiga borib ko`rganlarida, haqiqattan ham uning e’tirozlarida jon borligi aniqlandi. Mutaxassislar do`kondan olingan sementdan ozgina olinib, tajriba tariqasida beton qorishma tayyorlandi va quyoshli joyga qo`yildi. Lekin oradan bir soat o`tsa ham beton qotmadi.

Tuman jamiyati xodimlari sotuvchiga O`zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni talablari bo`yicha tushuntirishlar berdi.

Natijada sotuvchi iste’molchiga sifatli sement mahsulotini berdi. Iste’molchining huquqi himoya qilinib, uning 2 660 000 so`m moddiy zarar ko`rishining oldi olindi.