Yangiliklar

MULOHAZA TOVAR ChEKIGA TO‘LIQ O‘TISh VAQTI KELMADIMIKAN?

– To‘xtamurod mashingangizga qanaqa benzin quydingiz?

            – AI-90 deganidan-da.

            – Ishonchingiz komilmi?

            – Ha, mana kassa chekiniyam olganman.

            – Ie, bu chekda faqatgina Sizni qancha pul to‘lagangiz yoziliptiku, qaysi markadagi benzinligi ham, necha litr quyganingiz ham bu yerda ko‘rsatilmagan.

            – … ?

Kundalik hayotimizda nafaqat avtomobillarga yoqilg‘i quyish shohobchasida, balki do‘konlar, dorixona va boshqa joylarda shu kabi holatlarga ko‘p duch kelamiz. Avvalo, aholiga halol xizmat ko‘rsatib, naqd pul tushumini nazorat kassa mashinalariga kirim qilayotgan, oldi-sotdi amalga oshirilganligini yoki tovar (ish, xizmat)larning puli to‘langanligini tasdiqlovchi kassa cheklarini iste’molchilarning qo‘liga tutqazayotgan, umuman olganda amaldagi qonun-qoidalarga amal qilayotgan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi)larga minnatdorchilik bildirishimiz zarur. Naqd pul tushumi kassaga kirim qilinayaptimi, demak pullarning bankdan tashqari noqonuniy aylanishining oldi olinayapti. Bozor iqtisodining eng ustuvor tamoyillaridan biri ham shu aslida. Lekin…

Bugungi kunda aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan naqd pul to‘langach berilayotgan kassa cheklariga hech e’tibor qaratganmisiz? Aytaylik, do‘konga kirib, 100 ming so‘m naqd pulga 20 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oldingiz. Qo‘lingizga esa kassa chekini berishdi. Uyga kelgach, oziq-ovqat mahsulotlari biri iste’molga yaroqsiz ekanligini payqab qoldingiz. Ushbu tovarni do‘konga olib borib, sotuvchiga e’tirozlaringizni bildirdingiz. Sotuvchi amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan huquqidan foydalanib, “Qani, ushbu tovarni bizning do‘kondan sotib olganligingizni qanday isbotlaysiz?”, degan savolni ko‘ndalang qo‘yadi. Siz ham, o‘z navbatida, kassa chekini ko‘rsatasiz. Shunda u 100 ming so‘mlik mahsulotlar mazkur do‘kondan sotib olinganligini tasdiqlab, “qo‘lingizdagi tovarni bizning do‘kondan olmagandirsiz, ehtimol, boshqa do‘kondan xarid qilgandirsiz, eslab ko‘ring” degan gapni aytishi ham mumkin. Hech birimiz bunaqa holat bo‘lmaydi, deya aytolmaymiz.

Qolaversa, bunday sharoitda haqiqatan ham sotib olgan kartoshkaning har kilosini 2 ming so‘mdan, piyozni esa 1 ming so‘mdan sotilganligini tasdiqlaydigan dalil, isbot ham yo‘q.

Albatta, bugun nafaqat katta-katta supermarketlarda, ayrim kichikroq do‘konlarda ham iste’molchilarga tovar cheklari berilmoqda. Lekin chakana savdoning barcha bo‘g‘inlarida ham ushbu amaliyot joriy etilmaganligi ayni haqiqat. Biz tushunarliroq bo‘lishi va masalaning tub mohiyatini kengroq ochib berish uchun ham do‘kondan misol keltirdik.

Yana bir qiziq hayotiy misol haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Toshloqlik bir yigit telefon qilib, “Insofdan chiqish bunchalikmasda, endi”, deb shikoyatini boshladi. Masalaning mohiyati nimada ekanligini so‘raganimizda, u quyidagi e’tirozlarini bildirdi:

– Uka, DAMAS avtomashinav bor. Hali uni metan gaziga moslashtirishga ulgurganim yo‘q. b olishga imkoniyatim bo‘lgani yo‘q. DAMAS benzobakiga 36 litr* benzin sig‘adi. Buni avtomashinaning texnik parametrlari ko‘rsatilgan kitobchasidan ko‘rganman. Bugun ertalab mashinamni haydab, 5-6 kilometr uzoqlikdagi yoqilg‘i quyish shohobchasiga bordim. Hisobimga ko‘ra, avtomashina bakida 5 litrga yaqin benzin qolgandi. Shohobchaga kirib, bakni to‘ldirilgan holda benzin quyishlarini so‘radim. Yoqilg‘i quyib bo‘lingach, avtomashinaga 40 litr benzin ketdi, degan gapni aytishdi. Men ularga texnik tavsifga ko‘ra, avtomashina bakiga 36 litr benzin ketishini, bakka 40 litr benzin sig‘ishi mumkin emasligini, bundan tashqari, bakda 5 litrga yaqin benzin bo‘lganligini aytdim. Lekin ular e’tirozlarimga quloq solmasdan, 40 litr benzin uchun pul olishdi. Endi keling, oddiy arifmetik hisob-kitob qilib qo‘raylik. Agar avtomashinamning baki qup-quruq bo‘lib, men uni shohobchagacha sudrab olib kelgan taqdirimda ham, ular mendan 4 litr (40 – 36 = 4 l) uchun ortiqcha pul olishmoqda. Agar mashinamni benzobakida mayli 5 emas, 4 litrcha benzin bo‘lgan, deb faraz qiladigan bo‘lsak, bu holda men 8 litrga (4 + 40 – 36 = 8 l) ortiqcha pul to‘labman. Hali ularning qanday markadagi benzin quyganliklari masalasi bo‘yicha mulohazalarimni aytganim yo‘q. Kolonkaga “AI falon” marka deb yozib qo‘yilgan.

Haqiqatan ham, ushbu fuqaroning gaplarini aql tarozisiga qo‘yib, oddiy arifmetik hisob-kitoblarni qilib ko‘rsak, u kishining jon kuydirganicha bor. Iste’molchining qo‘lida oldi-sotdi amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kassa cheki turibdi. Kassa chekida esa “falon ming so‘m”, degan yozuv bor, xolos. Kamiga shohobchadagilar tomonidan qanday markadagi benzin quyildi-yu, ular har bir litr benzin uchun necha puldan olganliklari bo‘yicha savol ham ochiq qolmoqda. Shahobchadagilar juda do‘ppi tor kelib qolsa, “Biz 80 emas, 90 markali benzin quyganmiz, ana chekda ko‘rsatilgan summani 3800 so‘mga emas, 4000 so‘mga bo‘ling, 36 litr bo‘ladi-da!”, deb  bahona qilishlari ham mumkin.

Agar ushbu holatda iste’molchining qo‘lida zarur ma’lumotlar to‘liq yozilgan tovar cheki bo‘lganida, turli tushunmovchiliklar kelib chiqmagan bo‘lardi. Shu o‘rinda yuqoridagi keltirilgan hayotiy misoldagi kabi “DAMAS avtomashinasi bakiga 36 litr sig‘adimi yoki 40 litrmi?” degan masala ustida bahslashish holati yuzaga kelmaydi.

Bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib, uydan chiqmasdan turib, internet tarmog‘i orqali turli to‘lovlarni amalga oshirish imkoni mavjud. Ayrim xizmat ko‘rsatuvchi, savdo tashkilotlari o‘z imiji ustida izlanib, iste’molchilarga to‘lovlar borasida qulayliklar yaratish, savdo hajmlarini yanada oshirish ustida tinimsiz bosh qotirayotgan bir paytda, tovar cheki berish kerakmi yoki kassa cheki bilan qanoatlansa bo‘ladimi, deb bahslashishimiz to‘g‘ri emas, nazarimizda. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida iste’molchining tovar (ish, xizmat) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqi, 6-moddasida esa ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Aytish mumkinki, iste’molchining savdo do‘konidan bir necha turdagi mahsulot sotib olishi yoki haydovchining shohobchadan benzin yoqilg‘isini quygani uchun tovar cheki emas, oddiygina kassa chekining berilishi bilan amaldagi qonun talablarining ijrosi to‘liq ta’minlanmaydi.

Oziq-ovqat do‘konlarida, dorixonalarda, avtomobillarga yoqilg‘i quyish, umumiy ovqatlanish shohobchalarida majburiy tartibda tovar cheki berilishini yo‘lga qo‘yilishi lozim. Bu bilan iste’molchilarga qulayliklar yaratish barobarida, sotuvchilarning ham kelajakda turli muammolarga duch kelishini oldi olinadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi esa iste’molchilarning zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olishiga, sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmaslikka, iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa qonunbuzilishi holati sifatida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan huquqiy sanksiyalarni qo‘llashga olib keladi.

Maqsadimiz sotuvchi ham, oluvchi ham jabr ko‘rmaydigan oltin o‘rtalikni topish, sotuvchi sotib, oluvchi esa olib, baraka topishiga sharoit yaratishdir.

          

G‘ayrat Mamatqulov

O‘IHHQJ Federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi rais o‘rinbosari-matbuot, axborot, jamoatchilik bilan ishlash sektori boshlig‘i

*Ma’lumot uchun! Mana bu havolada DAMAS B150 modelidagi avtomashinaning benzobaki sig‘imi 37 litrligi ko‘rsatib o‘tilgan: https://www.auto-uzbekistan.com/gm-uzbekistan/damas/103-detalnye-tehnicheskie-harakteristiki-chevrolet-damas-shevrole-damas.html