NAZORATCHI XATOSI TUFAYLI YUZAGA KELGAN QARZDORLIK

Andijon shahar Navoiy shox ko`chasida yashovchi fuqaro R.Xo`jamberdiev O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining “Ishonch telefoni”ga qo`ng`iroq qilib elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan xonadonida ishlatilgan elektr energiyasi uchun unga 3 200 000 so`m qarzdorlik hisoblashganini, o`zi esa to`lovlarni doim amalga oshirib kelganini aytib murojaat qildi.

Murojaatda ko`rsatilgan holat bo`yicha Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o`rganish ishlari olib borildi. Murojaatchining abonent kartasi harakat jadvaliga solishtirildi va hisoblagich ko`rsatgichi bo`yicha 2018 yilning fevral oyiga qadar iste’molchi 600 000 so`m haqdor bo`lib chiqdi. Shuningdek, 2017 yilda nazoratchilar tomonidan nazorat qilgan kunda ko`rsatgichlarni kiritish vaqtida xatolikka yo`l qo`yilgani sababli ortiqcha 3 200 000 so`m noreal qarzdorlik kelib chiqqani aniqlandi.

Shahar majburiy ijro byurosi mutaxassislari tomonidan ushbu xonadonning noreal qarzdorligini aniqlash maqsadida qayta xatlov o`tkazildi va xatlovga ko`ra fuqaro R.Xo`jamberdiev xonadonidagi hisoblagich uskunasi ko`rsatgichi bo`yicha 600 000 so`m haqdorligi aniqlanib, iste’molchi foydasiga xal qilindi.