Yangiliklar

NEGA BUNCHA G‘AZABDAMIZ

Oxirgi paytlar ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, bir narsaga e’tibor qaratmaslikning hech iloji yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimlarini kamsitayotgan, kaltaklayotgan, ularni avtoulovining kapotida “sayr qildirayotgan” videolar lentalarni to‘ldirib tashlamoqda. Aynan, har kuni “yangi bir tomoshaning” guvohi bo‘lamiz. Axir yo‘l xavfsizligini nazorat qiladigan, bizga yo‘l madaniyatini o‘rgatadigan insonlar shu soha xodimlari emasmi?! “Forma”li insonlarni (ayniqsa YPX xodimlarini) ko‘rsak “vallomat”ni ko‘rgandek qarash qilamiz. Ularga nisbatan ongimizda salbiy obraz shakllanib qolgan. Nega buncha darg‘azabmiz? Bunday videolar O‘zbekistonning tashqi va ichki imijiga ta’sir qilmasdan qolmaydi.

J.M (haydovchi) – Yaqindagina YPX xodimi meni to‘xtatdi. Nimaga to‘xtatdingiz desam, piyodalar o‘tish joyidan piyodalarga yo‘l bermagan ekanman. Aslida hechqanday piyoda o‘tmagan edi. Videoregistratorimdan ko‘rsatdim. Ammo, menga baribir sizga jarima yozishim kerak, chunki dalolatnomani yozib boshladim dedi. Nima emish menga “yengilroq jarima” yozarmish. Qancha talashib-tortishmay baribir “kamar taqmadi” deb dalolatnomaga qo‘l qo‘ydirib oldi.    

D.S (haydovchi) – Ko‘p yillardan beri haydovchilik qilaman. Oilamning qora qozonini qaynatib turgan shu ishim. Ayting qaysi haydovchi qoidani buzib, jarimalarni to‘lab yurishni xohlaydi. Yo‘llarda nazoratni kuchaytiraman deb har kuni “ming bir xil” usulda talashadi”. Bitta kichini 5000 so‘mga manziliga olib borsam, ertasiga xat keladi qarabsizki EKIHning ikki minimali deb. Qancha yo‘l qoidasiga rioya qilmay foydasi yo‘q. Har tomoningizdan sizni “shilishadi”. Ammo, har doim ham ayb haydovchida bo‘lmaydi. Yo‘llarni va yo‘l belgilarni yaxshilab bersin. Axir shuncha jarima to‘laymiz, u pullar xalqning puliku. O‘zi oilamni boqaman deb har kuni ko‘chaga chiqaman, ammo yarimta nonimni “yarimini” qarzga to‘lab o‘tiraman. Qancha ehtiyotkor bo‘lmayin foydasi yo‘q.

Ha, albatta fuqoralarimizning bunday “o‘ksinib” gapirishida jon bor. Negaki, oxirgi paytlarda yo‘l nazoratini kuchaytiramiz deb, aslida fuqoralarimizni “cho‘ntagini kovlayotganimiz” bor gap. Masalan, bitta Chilonzordan Yunusobodgacha yo‘l bo‘lsa har tarafdan radarlar, har ikki kunni birida o‘zgartirilib turadigan “yo‘l belgilari”, “bugun 10 ta odamga jarima solaman va tepadagilardan maqtov eshitaman deb” qilmagan aybingizga ham jarima soladigan “formalilar” sizni tilla baliqdek “ovlashadi”. Agar boshingizdan “vertalyot” uchib o‘tsa ham hayron qolmang, chunki u ham sizni kuzatmoqda.  Agar bunday hodisalarga YPX xodimlaridan izoh so‘raydigan bo‘lsangiz, hammamiz eshitadigan “shablon” gapni eshitamiz. “Maqsadimiz yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash”. Nimagadir asosiy maqsadlari yo‘l xavfsizligini ta’minlashga o‘xshamayapdi?! Sizga ham shunaqa tuyilyapdimi?!

Masalan, Toshkent viloyatida fotoradarlardan qarzdorlar uchun AUTO Con moslamasi joriy etildi. Unga ko‘ra, Zangiota, Toshkent, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumalarida olib borilgan reydlar davomida 429 ta transport vositasida 93 million 485 mingdan ortiq jarima undirilgan. Yana, undan tashqari 17 ming 254 avtomobildan jarimalar undirilish choralari ko‘rilmoqda deb xabar beradi IIV.

Xo‘sh nimaga qayta-qayta reydlar tashkil qilinmoqda?! Bu savolni biz “yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun” degan javob bilan oqlay olmaymiz. Masalan, Buxorolik haydovchiga 1 milliard 13 million so‘mdan ortiq jarima yozilgan “varaqa” ijtimoiy tarmoqlarda nacha aylandi. To‘g‘ri oradan muayyan vaqt o‘tib bu texnik xato ekanligi aytildi. Ammo, shu varaqani birinchi marta haydovchi qo‘liga olgan holatni tasavvur qilib ko‘ring?!

Kuzatuv kameralari qo‘yilgach vaziyat ancha ijobiy tarafga o‘zgardi, qoidabuzarliklar kamaydi. Ammo, xalqdan jarimalar undirilishining “ming bitta” usuli o‘ylab topilayotganini hammamiz “payqayapmiz”. Bizni g‘azablantirayotgan narsa ham aynan shu.

Bugungi kunda taraqqiyotga intilgan har bir davlat kuchi fuqoralik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda. Bu jarayon tabiiyki inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyatda manfaatdor muvozanatini ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi omildir. Demak, asosiy maqsadimiz fuqoralik jamiyatini shakllantirish ekan albatta har bir qilingan me’yoriy hujjatlarda aholimizning fikrlari bilan hisoblashishimizga to‘g‘ri keladi. Aksariyat hollarda shuni kuzatamizki eng kam oylik ish haqi oshganidan, jarimalar miqdori ham oshadi. Ammo, shuncha kundalik ruzg‘ordan orttirib, mashina olgan fuqoralarimiz “ataylab” yo‘l harakatini buzishmaydi, ularning ma’sulyati ikki barobar oshadi. Masalan, avariya holatini keltirib chiqarganimiz uchun ikki million uch yuz ming jarima to‘laymiz, ammo avto yo‘llarimiz va yo‘l belgilarimiz talab darajasiga javob beradimi deb o‘ylab qolamiz. Balki, avariya holatiga kelinishi avto yo‘llarimizdagi muammolar bilan bog‘liqdir. To‘g‘ri avtomashinani mast holda haydab, telefonda gaplashib va tezlikni oshirib, avariya holatiga tushgan va avariyadan keyin qochib ketgan haydovchilarimizga belgilangan jarimlarga e’tirozimiz yo‘q. Chunki yo‘l qoidasini “bilib turib” buzdimi, demak “o‘zi yegan somsaga, o‘zi pul to‘lasin. Birinchidan, yo‘llarimizdagi muammolarni yaxshilab o‘rganaylik. Chunki, hamma avariya holatlari faqatgina haydovchilarimiz aybi bilan sodir bo‘layotgani yo‘q. Haydovchi chuqurliklardan qochaman deb yo‘ldagi chiqizlarni bosib, bir-biriga urilib ketishi mumkin. Negaki, doim ta’mirlangan yo‘llarimiz uzoq vaqtgacha xizmat qilmaydi, balki ta’mirlangan yo‘l ta’mirtalab holga kelib qoladi. Jarimalardan tushgan milliard pullar qaerga ketyapti?!

Ikkinchidan, avto yo‘llardagi jarimalar miqdori o‘rtacha oylik ish haqimizga to‘g‘ri kelsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu o‘zgarmas qoida emas. Chunki, olayotgan moashimiz jarimalarni to‘lashga ham yetmaydi. Negaki harqanday rivojlaniyotgan davlatlarning oylik moashi bilan jarimlarini hisoblab ko‘rsa potensial bir-biriga mos. Maqsadimiz aholimizni o‘ylash ekan, demak jarimalar miqdorini ham shunga qarab belgilash vaqti keldi.

Uchinchidan, yo‘l nazorati xodimlari ya’ni YPX xodimlari deganda ko‘z oldimizga nega doim salbiy obraz gavdalanishi kerak. Axir “forma” kiyish degani axloqdan chiqib, odamlarning nafsoniyotiga tegish degani emas. Kasb etikasi nuqtai nazardan ham to‘g‘ri kelmaydi. YPX xodimlari har bir haydovchini huquqlarini himoya qilsa, faqatgina jarimalarni yozish bilan cheklanib qolmasdan huquqiy maslahatlar bersa yo‘limizda uchrayotgan ko‘pgina muammolarga yechim topgan bo‘lamiz. Ayniqsa, haydovchi va YPX xodimi o‘rtasidagi muomila madaniyati faqatgina haydovchidan talab qilinmaydi. YPX xodimlari ham “egardan” tushib xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishni asosiy maqsadi qilib belgilasin. Negaki, hatto qanday salomlashish va nimaga to‘xtatganligini ham bilmaydigan YPX xodimini biz yo‘l harakati xavfsizligiga javobgar shaxs deb ayta olmaymiz.

To‘rtinchidan, yo‘l belgilarini joylashishini, standart talablariga javob berishini, uning qay ko‘rinishda va qancha uzunlikda joylashishiga ahamiyat berish zarur. Ayniqsa, daraxtlar ortidagi, uylarning devorlariga, peshtaxtalarga osilib qo‘ygan yo‘l belgilarni qayta ko‘rib chiqish zarur. Albatta,  Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi Hukumat qarori (292-son, 09.04.2019 y.) qabul qilingaligidan barchamiz xursand bo‘ldik. Ammo amaldagi yo‘l belgilarga ham e’tibor kerak. Radarlarga qo‘shib, yangi zamon talablariga javob beradigan svetaforlar ham o‘rnatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shuningdek, jarimlarni 10 kun yoki 15 kun ichida o‘z xohishlariga ko‘ra to‘laydigan haydovchilarimzga imtiyozlar yaratilishi kerak. Negaki, aynan ushbu imtiyoz bugun ko‘pgina davlatlarda yo‘l harakatini xavfsizligini ta’mishlashda o‘zini oqlayapdi.

Xullas, doimgidek aytadigan muammo ko‘p-ku yechim qani dersiz. Yoki bu muammolar “otam zamondan” beri bor “aytiladi-aytiladi” yechilmaydi deb o‘ylarsiz. Shoshmang buyuk islohatlar har doim kichik tuzatishlardan boshlangan.

Bu soha  haqida aytilmagan (va balkim aytila olinmaydigan) muammolar hali ko‘pligini ta’kidlamay ilojimiz yo‘q. Asosiysi ular muammoligicha qolmasa, yechimlar izlansa, xalqimiz uchun “muammoli qulaylik” bo‘lmasa bo‘ldi. Axir iste’molchilar huquni himoya qilish barchamizning zimmamizdagi katta ma’sulyat. Hechqachon “xalq puli”idan urib qolishga hechkimning haqqi yo‘q.

Ayjamal JOLDASBAEVA

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassis