ODAMLAR BIZDAN ROZI BO`LSIN!

O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan qishloq joylarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini izchil davom ettirilishiga ko`maklashish hamda qishloq aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratish maqsadida “Obod xonadon – yurt ko`rki” loyihasi ishlab chiqildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan fuqarolar xonadonlarini to`liq ta’mirlash, obodonlashtirish, shuningdek, ularning uy joyga doir huquqlarini amalga oshirish, mazkur xonadonlarda istiqomat qiluvchi aholini ijtimoiy qo`llab quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanishi, shuningdek fuqarolarga tegishli bo`lgan turar joylarni davlat ro`yxatidan o`tkazishga ko`maklashish loyihaning asosiy maqsadi qilib belgilandi.

Loyihaga binoan, respublika hududidan kam ta’minlangan, boquvchisini yo`qotgan xonadonlar bo`yicha o`rganish ishlari olib borildi. Natijada Kegayli tumanidagi “Abad makan” mahalla fuqarolar yig`idagi boquvchisini yo`qotgan va yolg`iz o`zi ikki farzandini tarbiyalayotgan Xalmurotova Perixan xonadonida ta’mirlash ishlari olib borildi.

Mana oradan 20 kuni o`tib, ishlar o`z nihoyasiga yetdi va 5-iyun kuni u o`z egasiga tantanali tarzda topshirildi. Tadbirga O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov va Federatsiya raisi o`rinbosari N.Yusupov, Qoraqalpog`iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi A.Urumbaev, mahalla fuqarolar yig`inidan vakillar, keng jamotchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur loyiha ishlari O`zbekiston iste’molilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududi birlashmalari tomonidan rejalashtirilgan ishlarning biridir. Federatsiya bu kabi ko`plab tashabbuslarni amalga oshirmoqda.