ODAMLAR MANFAATNI HIMOYA QILISH — OLIY BURCH!

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida aholi o‘rtasida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarini keng targ‘ib qilish, aholining huquqiy ongi va iste’mol madaniyatini oshirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar rejasiga asosan “BF Textile Produktion” MCHJda “Sog‘liqni saqlash sohasida iste’molchilar huquqi” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘quv seminarida korxona rahbari Gokxan Ozjan korxona faoliyati, unda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan yutuqlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoyaqilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot, axborot, jamoatchilik bilan ishlash va xorijiy aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi U.Mansurova tomonidan mamlakatimizda tibbiyot sohasida iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yuzaga kelayotgan ba’zi muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar sog‘liqni saqlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar hisoblanadi. “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida, fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplari sifatida, sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya etish, aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘lishi, sog‘ligini yo‘qotgan taqdirda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi belgilab berilgan. Mazkur qonunga muvofiq har bir iste’molchi tibbiyot xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlariga, shifokor va davolash-profilaktika muassasasini tanlash, sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitda tekshiruvdan o‘tish, davolanish va parvarishqilishga, o‘z huquq va burchlari xususida hamda sog‘ligining holati haqida ma’lumot olish, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga doir ma’lumotlarni uning manfaatini ko‘zlagan holda bersa bo‘ladigan shaxslarni tanlash huquqiga ega ekanligi haqida tadbirda fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlaridagi iste’molchining haq-huquqlari va murojaat qilish tartib-qoidalari haqida ham tushuncha berib o‘tildi.