Yangiliklar

OLTIARIQDAGI “ISTE’MOLCHI KUTUBXONASI”DA QANDAY IMKONIYATLAR BOR?!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentabrdagi PQ-3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori va 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqoralik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari asosida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan joylarda “Iste’molchi kutubxonasi” tashkil etilishini xabar bergandik.

Mazkur tashabbus doirasida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida respublikada birinchi “Iste’molchi kutubxonasi” qurib bitkazilib, ishga tushirildi. Xo‘sh ushbu kutubxonada qanday imkoniyatlar bor va qaysi asarlarni mutolaa qilamiz?!

Kutubxonada O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va iste’molchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar, aholining iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida siyosiy-iqtisodiy, ma’rifiy qo‘llanmalar, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinadigan gazeta-jurnallar, shuningdek zamonaviy “Book café” va bepul Wi-Fi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “e-Reader” elektron o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlangan.

Ayni vaqtda o‘tkazilgan kuzatish va tahlillar natijalari bu sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar borligini va ularni keng ko‘lamda hal etilishida jamoatchilik ishtiroki zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, aholining iste’mol madaniyatini oshirish borasida, ularning o‘quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop kitoblarga bo‘lgan talabini qondirish, bugungi kunda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq muhim masalalarga yechim topish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, ma’naviy hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu vazifalarni kompleks hal etilishiga ko‘maklashishda jamoatchilik tashkilotlari ishtirokini ta’minlash maqsadida, Federatsiya tomonidan respublika xududlarida iste’molchi kutubxonalari va kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlar tashkil etish loyihasi ishlab chiqildi. Albatta, bu hayrli ishning hali devochasi. Bundan tashqari, respublikamiz markazlarida jami o‘ttiz to‘qqizta kutubxona qurilish ishlari boshlangan.