Press-relizlar

PRESS RELIZ 22-FEVRAL

22-FEVRAL                                                                                                                                                       TOSHKENT SHAHRI

2019 yilning 18 – 22 fevral kunlari yurtimizga Jahon banki vakillari tashrif buyurdi. Shu munosabat bilan 22 fevral kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “O‘zbekiston Respublikasida bank-moliya xizmatlaridan unumli foydalanish milliy strategiyasini ishlab chiqish, hamda bu jarayonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Jahon banki mutaxassislari, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Markaziy apparati mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat, Toshkent shahar va xududiy birlashma rahbarlari, hamkor tashkilotlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi J. Sarimsoqov Federatsiya va uning hududiy birlashmalari faoliyati, fuqarolarning iste’molchi sifatidagi huquq hamda manfaatlarini ta’minlash, moliyaviy savodxonligini oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, iste’molchilardan murojaatlarni qabul qilish va ularni o‘rganish hamda hal etish tartibi xususida ma’lumot berdi.
Jahon banki mutaxassislari Yeva Gut’errez va Margarita Miller uchrashuv ishtirokchilariga zamon talablaridan kelib chiqib, bank-moliya xizmatlardan foydalanishi uchun aholiga qulay platforma yaratish, unda ochiqlik va oshkoralik prinsiplaridan keng foydalanish maqsadida Jahon banki mutaxassislari ko‘magida 25 ta davlatda xozirgi kunda milliy strategiyalar yaratilayotgani xamda ushbu amaliyot bir qancha davlatlarda o‘z samarasini berayotganini ta’kidlab o‘tishdi.
Shu bilan bir qatorda ushbu strategiyani yo‘lga qo‘yish uchun jamoat nazorati tashkilotlari bilan hamkorlikda boshqaruv mexanizmini tadbiq qilish, bank-moliya xizmatlari sohasidagi iste’molchi huquqlarini himoya qilish, bank xizmatlaridan foydalanish madaniyatini oshirish, monitoring va baholash tizimini tashkil qilish bo‘yicha taqdimot qilindi.
Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy imkoniyatlardan unumli foydalanish Milliy strategiyasini ishlab chiqish va bu jarayonlarda bank xizmatlaridan foydalanishda iste’molchilarning haq-huquqlarini himoya qilish, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida kommunal xizmat to‘lovlarini elektron platformalar yordamida keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek aholining moliyaviy institutlarga bo‘lgan ishonchini orttirish maqsadida bankda shaxsiy raqamini ochish va omonat kassalari faoliyatini takomillashtirish, bank xizmatlaridan unumli foydalanishga qaratildi.
Iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganish davomida bank xizmatlari sohasida vujudga kelayotgan tushunmovchiliklar, kamchilik va muammolarni joyida bartaraf etish bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirildi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi milliy dasturini ishlab chiqish jarayonida aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, iste’molchilarning bank sohalarida haq-huquqlarini himoya qilish va bir qator chora-tadbirlar bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazish va ularni monitoring qilish taklifi bilan chiqdi va u kun tartibi masalasiga kiritildi.
Eslatma: Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari hamda tuman, shahar jamiyatlariga 2018 yil davomida fuqaro (iste’molchi) lardan jami 13 089 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, mazkur ariza va shikoyatlarning 12 292 tasi ya’ni 93,9 % ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga jami 7 824 700 400 (yetti milliard sakkiz yuz yigirma to‘rt million yetti yuz ming to‘rt yuz) so‘m yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.