QARDOSH MAMLAKATNING TURDOSH TASHKILOTI FARGʻONAGA TASHRIF BUYURDI

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi taklifiga binoan mamlakatimizga tashrif buyurgan Tojikiston isteʼmolchilar ittifoqining Ijrochi direktor Ilxom Abidov boshchiligidagi delegatsiyasi Fargʻona viloyatiga tashrif buyurdi.

Mehmonlar tashrifni Fargʻona viloyat hududiy birlashmasi ish faoliyati bilan tanishuvdan boshladilar.

Delegatsiya aʼzolari hududiy birlashmada xodimlarga yaratilgan ish sharoitlari bilan yaqindan tanishtirilib, ular ishtirokida suhbat oʻtkazildi.

Suhbat davomida har ikki tashkilot tomonidan isteʼmolchilarning huquqiy bilimi va isteʼmol madaniyatini oshirish, ularni isteʼmolchilik huquq va manfaaatlarini himoya qilish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar oʻzaro oʻrtoqlashildi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston va Tojikiston davlatlari rahbarlari: Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tomonidan mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichlik va oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berilgan holda, bu ishlarga hamohang tarzda Federatsiya va Ittifoq oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish boʻyicha takliflar oʻrtaga tashlandi.

Shundan soʻng, delegatsiya aʼzolari Margʻilon shahriga tashrif buyurib, shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining oʻz balansidagi maʼmuriy binosida jamiyat ish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Mehmonlarda Federatsiyaning respublikamizdagi har bir tuman va shaharlarida quyi tuzilmalari hisoblanuvchi tuman va shahar jamiyatlari faoliyat olib borayotganligi, ularning ayrimlari, hattoki, oʻz balansidagi binolarga egaligi, qolgan tuman va shahar jamiyatlari ham mahalliy hokimliklar tomonidan ijara shartlarida, imtiyozli asoslarda oʻz xizmat xonalariga egaligi, zaruriy orgtexnika vositalari bilan taʼminlanganligi holatlari katta taassurot qoldirdi.

Tashrif doirasida mehmonlarni Margʻilon shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirildi.