TUSHUNTIRISHLAR KOR QILDI

Oldindan aytib qoʻyaylik. Siz ushbu maqolani oʻqib chiqmasdan turib yoki oʻqib chiqqach, “Ha endi, shunga shunchalikmi? Bittagina telefon batareykasini pulini qaytarib olib berilganligini ham yozish kerakmidi?”, deyishingiz ham mumkindir. Lekin oʻz haq-huquqlarini yaxshigina anglab olgan ayrim shaxslarning oʻzgalarning haq-huquqlarini hurmat qilmasligi, ayniqsa savdo sohasida faoliyat yuritayotgan ayrim fuqarolarimizning muomala madaniyatini yaxshi bilmasligi, sal narsaga “Qayerga borsang, boraver, kimga shikoyat qilsang, qilaver”, qabilidagi qilinayotgan muomalalari va hokazo, va hokazo holatlar peshona teri evaziga tiyinlab yiqqan pul mablagʻini yoʻqotib yoki sifatsiz mahsulotga sarflab, qonuniy huquqini talab qilganda esa rad javobini olayotgan fuqarolarimizni adolat istab eng yuqori idoralarga murojaat qilishlariga sabab boʻlmoqda. Oltiariq tumani Qoʻrgʻoncha mahallasida istiqomat qiluvchi Z.Nurolimovni ham shunday fuqarolarimizdan biri, desak mubolagʻa boʻlmas.

U tuman markazidagi savdo doʻkonlaridan biridan oʻzining Samsung markali qoʻl telefoni uchun akkumulyator sotib olgach, undan 4-5 kun davomida foydalangan. Lekin akkumulyatorning quvvati talab darajasida xizmat koʻrsatmagan. Natijada u oltinchi kuni sotuvchining huzuriga kelib, oʻz eʼtirozlarini bildirgan. Mijozlar bilan andarmon boʻlib turgan sotuvchi, isteʼmolchining shikoyatini eshitganu, unga joʻyali javobni ham ravo koʻrmay, yangi mijozlardan ortmagan. Xullas, sotuvchi yangi xaridorlardan ortib mundoq qarasa Z.Nuraliyev doʻkondan chiqib ketib boʻlgan ekan. Shunday qilib, Bosh prokuratura ishonch telefoniga yana bitta murojaat tayyor boʻlib turibdi-da.

Murojatni oʻrganib chiqqan Oltiariq tuman jamiyati xodimlari sotuvchi bilan uchrashib, unga Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining tegishli moddalari talablari yuzasidan tushuntirishlar berdilar. Sotuvchi tomonidan tushuntirishlardan oʻrnida chiqarilgan toʻgʻri xulosa, isteʼmolchi huquqini tiklanib, uning tomonidan sotib olingan nuqsonli tovar pulini qaytarib berilishi bilan yakun topdi.