“ASSALOM, O‘ZBЕKISTON!”DA ISTE’MOLCHI HUQUQI

Iste’molchi tovarlarni xarid qilishda nimalarga e’tibor qaratishi kerak? Mabodo tovar sifatsiz bo‘lsa-chi? Ular inson hayoti va sog‘ligiga xavf tug‘dirsa-chi? Bu borada huquqlari buzilsa manfaatlarini himoya qilinishini so‘rab kimga va qanday murojaat qilishi kerak?

Mazkur ma’rifiy dasturning navbatdagi soni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning faoliyatiga bag‘ishlandi. Ko‘rsatuv davomida O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni iste’molchilarni himoya qilishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Unda xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan iste’molchilarning huquqlari va ularni amalga oshirish kafolatlari mustahkamlangan, fuqarolar hayoti, salomatligi yoki mulkiga ziyon yetkazilgan taqdirda, ularni himoya qilish kafolatlari belgilab berilgani haqida federatsiya xodimi tomonidan ma’lumot berib o‘tildi. Shuningdek, mamlakatimiz fuqarolari mazkur Qonunga binoan tovar (ish, xizmat), ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash hamda uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi, buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish, iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish huquqlariga ega ekanliklari haqida ham to‘xtalib o‘tildi.