AVTOMOBIL EHTIYOT QISMI SIFATSIZ CHIQDI

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasiga Navoiy shahar “Bog‘ishamol” ko‘chasida yashovchi fuqaro Axtam Nasillayevdan murojaat kelib tushdi.

Fuqaro murojaatida viloyat moliya boshqarmasi yonida joylashgan avtomobil extiyot qismlari savdo do‘konidan avtomashinasi uchun 225 000 so‘mga bir oy kafolat muddati bilan savatcha va disk sotib olgani ammo sotib olingan mahsulot kafolat muddati ichida sifatsiz chiqqanidan norozilik bildirib, ushbu masalada amaliy yordam berishni so‘ragan.

Murojaatni birlashma mutaxassislari o‘rganib chiqdi va haqiqattan ham ehtiyot qismlarning sifatsiz ekani aniqlandi. Do‘kon sotuvchisiga qonuniy tushuntirishlar olib borilib, tovar uchun to‘lagan 225 000 so‘m pul fuqaroga qaytarib berildi.