“GENTRA” OLISHDA AMALIY YORDAM KO‘RSATILDI

Avtomashina uchun 100 foiz to‘lov amalga oshirgan bo‘lsa-da, avtosalon shartnomada keltirilgan muddat tugaganiga qaramay mashinani fuqaroga berishni paysalga solib kelgan.

2018 yil 18 iyun kuni Navoiy viloyati, Navoiy shahar, “G‘alaba” shoh ko‘chasi, 222-uy, 14-xonadonda yashovchi Asrorjon Muqimovning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “Ishonch telefoni”ga qilgan murojaati Karmana tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Fuqaro murojaatida 2018 yil 2 fevral kuni tumandagi “Yangi ariq” MFYda joylashgan “NAVOIY AVTO MOTORS” MCHJdan shartnoma asosida “Gentra” rusumli avtomashinaga 100 foiz to‘lov amalga oshirgani, ammo shartnomada keltirilgan muddat tugagan bo‘lsa-da, mashinani ololmayotganligidan noroziligini bildirgan.

Murojaat bo‘yicha jamiyat mutaxassislari tomonidan “NAVOIY AVTO MOTORS” MCHJga xat orqali murojaat qilindi. MCHJning javob xatiga asosan avtomashina joriy yilning 30 iyuliga qadar yetkazib berilishi ma’lum qilingan bo‘lsa-da, tuman jamiyati xodimlarining sa’y-harakatlari bilan joriy yilning 11 iyul kuni avtomashina fuqaro A.Muqimovga topshirildi. Murojaatni o‘rganish yakunida fuqaro tuman jamiyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.