ISTE’MOLCHI — O‘Z HUQUQINI TALAB QILAOLISHI KЕRAK!

Urganch shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga 2018 yil 19 yanvar kuni Urganch shahri “A.Baxodirxon” ko‘chasida yashovchi fuqaro Gulnoza Imomqulova “Artel Servis Markazi”ning Urganch filiali xodimlarining hatti-harakatlaridan norozi bo‘lib murojaat qildi. Murojaatda qayd qilinishicha, Urganch shahri “P.Maxmud” ko‘chasida joylashgan savdo do‘konidan “Artel” kir yuvish mashinasini 3 323 000 so‘mga xarid qilgan. Biroq 3 kun o‘tib kir yuvish mashinasining nosozligi ma’lum bo‘lgan. Iste’molchi Gulnoza Imomqulova savdo do‘koniga borib, bo‘lgan voqeani tushuntirib, ushbu kir yuvish mashinasini yangisiga almashtirib berishlarini so‘ragan. Do‘kon sotuvchilari iste’molchiga rad javobini berib, “Artel Servis Markazi” Urganch filialiga murojaat qilishini, agar “Artel Servis Markazi” Urganch filiali mahsulot foydalanishga yaroqsiz deb xulosa bersa, yangisiga almashtirib berishlarini bildirishgan. Shundan so‘ng fuqaro G.Imomqulova “Artel Servis Markazi”ning Urganch filialiga murojaat qilgan. Filial xodimlari iste’molchiga mahsulotni faqat ta’mirlab berishlarini, nima sababdan bunday holatga kelib qolganligi to‘g‘risida xulosa bera olmasliklarini aytgan.

Murojaat yuzasidan Urganch shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati, “Artel Servis Markazi” Urganch filiali, savdo do‘koni xodimlari va iste’molchi ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi va murojaatda aks ettirilgan holat haqiqatligi aniqlandi.

“Artel Servis Markazi” Urganch filiali xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining tegishli moddalari asosida tushuntirish ishlari olib borildi. Nuqsonli kir yuvish mashinasi esa yangi “LG” rusumli kir yuvish mashinasiga almashtirib berildi.