ISTE`MOLCHIDAN MAKTUB

Men, Davlat Nurillaev, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanaman. Ikki nafar farzandim bor. Yaqinda katta orzu-havaslar bilan yangi xonadonga ko`chib chiqdik. Biz sotib olgan uy Samarqand shahridagi So`g`diyona massivida joylashgan. Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega ko`p qavatli turarjoy. «Afsona inter plast» MCHJ tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan bu xonadonda biroz muddat yashaganimdan so`ng, bir kamchilikni sezib qoldim, ya’ni quruvchilar xatosini. Yer resurslari va ko`chmas mulk kadastriga murojaat etib, xonalar kvadratini o`lchashga to`g`ri keldi. Tahminlarimiz to`g`ri ekan. haqiqattan ham, (ataylabdanmi, yoki e’tiborsizlik oqibatida) shartnoma shartlari buzilgan: xonalar o`lchami 3 metr kvadratga kam. Bu haqda qurilish tashkilotini ogohlantirdim. Ular dastlab menga 3 700 000 so`m pulimni qaytarishga rozi bo`lishdi. Ammo 2 oy davomida sarson bo`lib, pulimni ololmadim. Ular har safar turli bahonalar bilan pullarni qaytarmaslikning yo`llarini  o`ylab topishardi. Bu ish ko`p vaqtimni oldi, yana asabbuzarliklar. Yaqinlarimning maslahati bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat birlashmasiga murojaat qildim. Arizam shahar jamiyati mutasaddilari tomonidan o`rganildi. Ularning sa’y-harakatlari bilan pullarimni qaytarib oldim. Tashkilotga rahmat!