ISTE’MOLCHILAR FЕDЕRATSIYASI DЕLЕGATSIYASI BRITANIYAGA SAFAR QILMOQDA

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov 8 iyul kuni London shahrida Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) bosh direktori maslahatchisi Yelena Volf xonim bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida ushbu xalqaro tashkilot bilan federatsiyaning hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. J. Sarimsoqov O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni takomillashtirishda xalqaro iste’molchilar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, ular tajribasini o‘rganish muhim ahamiyatga ega ekanini aytdi.

Ye.Volf Xalqaro iste’molchilar tashkiloti ayni damda mintaqalarda loyihalarni amalga oshirishga asosiy e’tibor qaratayotganini qayd etdi. Uning fikricha, tashkilot Markaziy Osiyo mintaqasida iste’molchilar uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘sha yerdagi iste’molchilar tashkilotlari bilan hamkorlik qilishi mumkin.

Federatsiya delegatsiyasi joriy haftada Xalqaro iste’molchilar tashkiloti rahbariyati bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qiladi, shuningdek, Britaniya standartlar instituti iste’molchilar tashkilotlarining standartlashtirish masalalari bo‘yicha ekspertlari uchun o‘tkazayotgan konferensiyasida ishtirok etadi.