NOSOZ TЕLЕVIZORNING PULI QAYTARIB BЕRILDI

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasiga Navoiy viloyati Karmana tumani “Yangi ariq” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Yangi ariq” ko‘chasi 451-uyda yashovchi fuqaro Farhod Baratovdan murojaat kelib tushgan.

Fuqaro murojaatida Toshkent shahridagi Abu Sahiy bozoridan 3 000 000 so‘mga bir yil kafolat muddati bilan “Pilips” rusumli televizor xarid qilgani ammo televizor kafolat muddati ichida nosoz holga kelib qolganidan noroziligini bildirib, ushbu muammoni bartaraf etishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Murojaat atroflicha o‘rganib chiqildi, mutaxassislar tomonidan Toshkent shahar Abu Saxiy bozori ma’muriyati bilan bog‘lanildi va o‘rganishlar davomida savdo do‘koni sotuvchisiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari bo‘yicha tushuntirishlar berilgandan so‘ng fuqaro F.Baratovga televizor uchun to‘lagan 3 000 000 so‘m mablag‘i qaytarib olib berilishiga erishildi.