SUD QARZNI ASOSSIZ DЕB HUKM CHIQARDI

Koson tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Koson tumani “Rahimso‘fi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Furqat Eshmurodov ariza bilan murojaat qildi. Murojaatda ta’kidlanishicha, fuqaro o‘ziga tegishli yerlarini sug‘orish maqsadida suv yetkazib beruvchi suv-nasosiga elektr hisoblagich o‘rnatib, shartnomasi asosida elektr energiyasidan foydalanib kelgan, ammo tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan fuqaroga ochilgan 45-947-sonli hisob raqamiga asossiz 4 460 000 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangan. Iste’molchi bu haqida o‘zini xabardor qilishmaganidan norozi bo‘lib, tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga murojaat qilgan va rad javobi olgan.

Shikoyat arizasida keltirilgan holatni bartaraf etish maqsadida tumanjamiyati mas’ullari o‘rganish ishlari olib bordi.

O‘rganishlar natijasida fuqaro suvdan foydalanish bo‘yicha o‘ziga tegishli suv nasosida o‘rnatilgan elektr hisoblagich orqali sarf qilingan elektr energiyasi to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab kelganligi aniqlanib, korxona tomonidan hisoblangan qarzdorlikni kelib chiqishiga tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan oyma-oy ajratilgan elektr energiya (limit)ni to‘liq hisoblanishi natijasida 4 460 000 so‘m noreal qarzdorlik vujudga kelishiga asos bo‘lgani, bu haqida fuqaroga o‘z vaqtida ma’lum qilinmagani oqibatida iste’molchining haqli noroziligiga sabab bo‘lib, fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlari buzilishiga olib kelganligi aniqlandi.

Ishda to‘plangan xujjatlarga asoslanib, tuman jamiyati qonuniy ko‘rib chiqish uchun Koson tuman ma’muriy sudiga fuqaro manfaatini himoya qilib, shikoyat arizasi kiritdi.

Koson tuman ma’muriy sudi qaroriga ko‘ra Koson tuman elektr ta’minoti korxonasining xatti-harakati g‘ayriqonuniy deb topilib, ta’minotchi korxona zimmasiga fuqaro hisob raqamiga hisoblangan 4 460 000 so‘m qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilish majburiyati yuklatildi.