Tojikiston isteʼmolchilar ittifoqi delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi

Tojikiston isteʼmolchilar ittifoqi delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, uy-joy kommunal sohasida qabul qilingan yangi meʼyoriy hujjatlar bilan tanishtirib oʻtildi.

Xususan, mamlakatimizda 2017 yil 2 iyunda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda “Kommunxizmat” agentligi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi va “Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilingani haqida maʼlumot berildi.

Mazkur qaror ijrosi boʻyicha Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, vazirlik tizimidagi barcha mutasaddi tashkilot va korxonalar tomonidan belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Unga koʻra, koʻp qavatli uylarni taʼmirlash, issiqlik taʼminotini toʻliq yoʻlga qoʻyish ishlari aniq rejalar asosida olib borilmoqda.

Uchrashuvda mazkur soha boʻyicha ikki tomon normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, aholiga zamonaviy shakl va usullarni qoʻllagan holda xizmat koʻrsatish boʻyicha ham fikr-mulohazalar bildirib oʻtildi. Bu borada isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan dolzarb vazifalar koʻrib chiqildi.

Yaʼni sohaga yetuk kadrlarni tayyorlash, qonunchilik boʻyicha isteʼmolchilarning majburiyatlarini toʻliq, toʻgʻri tushuntirilishiga erishish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar muhokama qilindi.