SHIM SIFATSIZ MATODAN TIKILGAN EKAN

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasiga Karmana tumani, “Farhod” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Shirin” qo‘rg‘onida yashovchi fuqaro Bobomurod Xayriyevdan murojaat kelib tushdi.

Fuqaro murojaatida Navoiy shahrida joylashgan Markaziy buyum bozoridagi savdo do‘konidan 85 000 so‘mga sotib olgan erkaklar shimi 3 kun ichida gazlamasi qizarib yaroqsiz holga kelib qolganidan noroziligini bildirib, ushbu muammoni bartaraf etishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Murojat jamiyat mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Sotib olingan shim haqiqatdan ham yaroqsiz holga kelib qolganligi aniqlandi. Shundan so‘ng, do‘kon sotuvchisiga iste’molchining haq-huquqlari to‘g‘risida tushunchalar berildi va yakunida iste’molchiga 85 000 so‘m puli qaytarib olib berildi.