SIFATSIZ SHIFЕR DO‘KONGA QAYTARILDI

Dehqonobod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Dehqonobod tumani “Aerodrom” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Jamshid Norqobilov murojaat qildi.

Fuqaro o‘z murojaatida Dehqonobod shaharchasida joylashgan qurilish mollari savdo do‘konidan 105 dona shiferni 38 000 so‘mdan jami 3 990 000 so‘mga sotib olganligi, ammo xarid qilingan shifer amaldagi sifat-standart talablariga javob bermaganligi sababli uyning tom qismiga o‘rnatish chog‘ida sinib foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolganligidan shikoyat qilgan. Fuqaro mazkur holat bo‘yicha bir necha bor do‘kon sotuvchisiga murojaat qilgan, ammo murojaat inobatga olinmagan va mahsulot almashtirib berilmagan.

Murojaatda keltirilgan holatni bartaraf etish va iste’molchi manfaatini himoya qilish maqsadida tuman jamiyati xodimlari ishtirokida o‘rganish ishlari tashkil etildi. Natijada sotib olingan 32 dona 1 216 000 so‘mlik shifer foydalanishga yaroqsizligi aniqlanib, iste’molchi talabiga binoan sifatsiz mahsulotlar do‘konga qaytarilib, boshqasiga almashtirib berildi.