SIFATSIZ TЕLЕVIZOR YANGISIGA ALMASHTIRIB BЕRILDI

Jizzax viloyati Zafarobod tumani F.Xo‘jayev mahallasi Maktab ko‘chasi 6-uyda yashovchi fuqaro V.Sayfullayev Jizzax shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat kildi.

Fuqaro murojaatida ta’kidlanishicha V.Sayfullayev Jizzax shahrida joylashgan savdo do‘konidan “Yasin” rusumli televizorni 1 650 000 so‘mga xarid qilgan. Oradan 6 oy vaqt o‘tib televizor qizib o‘chib qolgan. Kafolat kitobidagi muddatda belgilangan tartibga ko‘ra, iste’molchi sotuvchiga televizorni olib borib holatni ma’lum qilgan. Sotuvchi esa televizorga iste’molchining o‘zi zarar yetkazganini va servis xizmatiga olib borishini maslahat bergan. Servis xizmatidagilar televizorning zavoddan nuqsoni bilan keltirilib sotilganini ta’kidlashgan. Iste’molchi tovarni sotuvchiga qaytarib olib borib; yangi, sifatlisiga almashtirib berishini talab qilgan, ammo sotuvchi unga rad javobini bergan.

Jizzax shahar jamiyati mutaxassislari murojaat bo‘yicha o‘rganish olib bordi. Do‘kon sotuvchisiga iste’molchining talabi to‘g‘riligini aytilib, bunga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunidan asoslar keltirildi. Natijada iste’molchiga sifatsiz sotilgan tovar aynan shunday markali yangisiga almashtirib berildi.