SOTUVCHI ISTE’MOLCHINING QONUNIY TALABINI BAJARMADI!

Bag‘dod tumani Qirvolida qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.Rustamova “Qo‘qon savdo markazi” MCHJ hududida savdo faoliyati olib borayotgan tadbirkordan 32 dyum diagonalli “LG” rusumli televizorni 1 835 000 so‘mga sotib olgan. Lekin televizorni uyiga olib kelib yoqqanda televizorda nuqson borligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng iste’molchi sotuvchiga borib televizordagi nuqsonni bartaraf etish talabini qo‘ygan. Sotuvchisi esa iste’molchiga servis markaziga murojaat qilishni maslahat berish bilan qutulmoqchi bo‘lgan. Qonun talablaridan xabari bo‘lgan iste’molchi esa sotuvchidan o‘zini qonuniy talablarini bajarilishini talab qilishdan to‘xtatmagan. Sotuvchi iste’molchining qonuniy talabiga qarshi ravishda, hattoki, “ta’mirlashga ketadigan pulni berasiz, shunda ta’mirlatib beraman”, degan sabab bilan iste’molchini yana ortga qaytargan.

Shundan so‘ng iste’molchi A.Rustamova O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “1091” qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildi.

Fuqaroning murojaati tegishliligi bo‘yicha Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida sotuvchiga qonun talablari tushuntirildi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasi talablaridan kelib chiqib, iste’molchiga nuqsonli tovar uchun to‘lagan 1 835 000 so‘m pulini qaytarilishiga erishildi.