SUD QARZDORLIKNI BEKOR QILDI

Kasbi tuman Ravot qishlog`ida yashovchi fuqaro Jalol Saydaliev xonadoniga “Kasbitumangaz” filiali xodimlari tomonidan gaz sarfi bo`yicha qarzdorlik noto`g`ri hisoblanganligi va iste’molchi sifatida buzilgan huquqlarini tiklashda amaliy yordam berishlarini so`rab Kasbi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qildi.

Murojaatda fuqaro xonadoniga G-4 zavod raqami 941816-sonli bo`lgan gaz sarfini hisoblash uskunasi orqali tabiiy gazdan foydalanib kelinganligi, hisoblagich qiyoslov ko`rigidan o`tkazilib, oxirgi ko`rsatgich 1707 m3 ni ko`rsatib, to`lovlar o`z vaqtida amalga oshirib kelganligi bayon etilgan.

Tuman jamiyati xodimlari tomonidan iste’molchi arizasida keltirilgan holatlarni bartaraf etish yuzasidan o`rganish ishlari tashkil etildi. Natijada, fuqaro nomiga ochilgan 0707028090-sonli abonent kartasida 2012 yil aprel oyi holatida tabiiy gaz ko`rsatgichi 9838 m3 bo`lib, qarzdorlik 575 181 so`mni tashkil etganligi, amalda iste’molchining gaz hisoblagich uskunasi ko`rsatgichi 1707 m3 ni tashkil etganligi, tumangaz filialida iste’molchi nomiga yuritilgan abonent kartada gaz hisoblagich ko`rsatgichi 9838 m3 ni tashkil etganligi ko`rsatilgan. Bunda fuqaroning haqiqiy qarzdorligi va abonent kartasi o`rtasidagi farq 8131 m3 bo`lganligi aniqlandi.

Shundan so`ng ishda to`plangan hujjatlar fuqaro manfaatini ko`zlab fuqarolik ishlari bo`yicha Kasbi tumanlararo sudiga fuqaro nomidan da’vo arizasi kiritildi.

Sud, qonun talabidan kelib chiqib, qaror qabul qildi. Unga ko`ra:

Kasbi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan da’vogar Saydaliev Jalol Yaxyoevichning manfaatini ko`zlab javobgar Kasbi tumangaz filialiga nisbatan “asossiz hisoblangan qarzdorlikni hisobdan chiqarish haqida”gi da’vosi qanoatlantirilib, javobgar tumangaz filiali tomonidan da’vogar xonadoniga  asossiz hisoblangan 575 181 so`m miqdoridagi qarzdorlik hisobdan chiqarildi.