Yangiliklar

SUV YOʻQ, JOʻMRAK YOʻQ, QARZDORLIK BOR…

Quva tuman “Paxtakor” MFY “Oʻzbek” koʻchasida yashovchi bir guruh fuqarolar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilishdi. Arizaga “Suvoqava” DUK Quva filiali tomonidan ichimlik suvi boʻyicha asossiz ravishda qarzdorlik hisoblanayotganligi sabab boʻlgan.

Ushbu holat yuzasidan tegishli oʻrganishlar olib borildi. Jarayonda hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar toza ichimlik suvini uzoqdan tashib kelishlari maʼlum boʻldi. Aniqlanishicha, 131 nafar isteʼmolchi korxona kompyuter bazasiga ichimlik suvi isteʼmolchisi sifatida kiritilgan va ularga 2019-yil 1-may holatiga 33 676 402 (Oʻttiz uch million olti yuz yetmish olti ming toʻrt yuz ikki) soʻm qarzdorlik hisoblangan.

Oʻylab qarasang, bir necha chaqirim uzoqdan suv tashib sarson boʻlayotgan mahalla ahliga “ichimlik suvidan qarzdorliging bor”, desa alam qiladi-da! Federatsiya xodimlari aniq faktlarni keltirib, “Oʻzbek” koʻchasida yashovchi isteʼmolchilarga“Suvoqava” DUK tomonidan hisoblangan 33 676 402 soʻm qarzdorlikni hisobdan chiqarishga erishdi.