TЕLЕFON “MASALASI” HAL ETILDI

Joriy yilning 4 aprel sanasida Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Oydin Xolmonova shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Murojaatda ta’kidlanishicha iste’molchi bundan uch oy muqaddam Termiz shahri markaziy bozoridagi do‘konlarning biridan “SAMSUNG J3” rusumli mobil aloqa vositasini sotib olgan. Qariyb 1,5 million so‘m miqdordagi telefon hech qancha o‘tmay, buzilib qolgan. Xaridor bu haqida sotuvchiga ma’lum qilib, kafolat muddati tugamaganligi bois, uni boshqasiga almashtirib berishini so‘ragan. Sotuvchi esa iste’molchining taklifini rad etgan. Murojaat tuman jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilib, sotuvchiga qonunga asosan tushuntirishlar olib borildi va nosoz telefon yangisiga almashtirib berildi.