TЕLЕFON ORQALI TUSHUNTIRISH BЕRILDI

Qo‘ng‘irot tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Ko‘ng‘irot shahri “O‘zbekiston” ko‘chasida yashovchi T.Mademinova murojaat qildi. Murojaatga ko‘ra, iste’molchi Toshkent shahridagi “Ippodrom savdo kompleksi”da joylashgan 71-sonli do‘kondan “Samsung” markali telefonni 1 000 000 so‘mga sotib olgan. Uyiga kelib telefonni ishlatib ko‘rsa, quvvati (batareya zaryadkasi) tez o‘chib qolishi sababli ishlatishning iloji bo‘lmagan. Shundan so‘ng iste’molchi T.Mademinova Toshkent shahriga o‘zi borib kelishning iloji yo‘qligi sababli, tanish yo‘lovchi orqali telefonni sotuvchiga berib yuborgan. Do‘kon egasi esa telefonni qaytarib olishdan va pulini qaytarib berishdan bosh tortgan.

Ko‘ng‘irot tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati murojaatni qonuniy tartibda o‘rganib chiqib, Toshkent shahri “Ippodrom” bozorida joylashgan 71-sonli do‘kon egasiga telefon orqali tushuntirish ishlarini olib bordi.

Iste’molchi T.Mademinovaning murojaati O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 18-moddasiga binoan qanoatlantirildi va istemolchiga 1 000 000 so‘m puli qaytarib berildi.