TЕXNIK XATOLARGA KIM JAVOBGAR?!

Mingbuloq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro E.Izzatullayevadan murojaat kelib tushdi. Murojaatga ko‘ra 2018 yil 20 fevral kuni iste’molchining xonadoniga majburiy ijro byurosi xodimi kelib elektr ta’minoti bo‘limidan 3 000 000 so‘m qarzdorlik mavjudligini aytgan. Iste’molchi maktabda ishlaganligi sababli har oy ish haqidan elektr ta’minotiga muntazam ravishda pul o‘tkazib turgan. Bundan tashqari 2017 yil 6 dekabr kuni fuqaro E.Izzatullayev elektr hisoblagichini o‘zgartirgan. Eski hisoblagichdagi 503 826 so‘m haqdorligini elektr ta’minoti bo‘limiga bir necha bor aytishiga qaramay, bo‘lim xodimi yangi hisoblagichga o‘tkazib beraman deb, amalga oshirmagan. 2018 yil 22 fevral holatiga ishlatilgan elektr ko‘rsatkichi 7514.2 bo‘lsada, tuman majburiy ijro byurosi xodimi tomonidan 18736 kVt ko‘rsatkich kiritilib, 3 333 994 so‘m qarzdorlik mavjudligini haqida qo‘l telefoniga SMS xabar yuborilgan.

Iste’molchi arizasi O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘rsida”gi qonunlari asosida tuman elektr ta’minoti korxonasi mutaxassisilari bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi: E.Izzatullayev xonadonida foydalanilgan elektr energiyasidan noto‘g‘ri qarzdorlik mobil telofoniga SMS orqali yuborilgani, Korxonaning “PK elektrhisob” dasturiga MIB xodimlari tomonidan SMS xabar ko‘paytirib yuborilganligi aniqlandi va Respublikadan texnik xatolarni tuzatish bo‘yicha xatlov uchun ruxsat olib, 557765 hisob raqamidagi xato mutaxassislar tomonidan to‘g‘irlandi hamda iste’molchi haqligi isbotlandi.