Yangiliklar

Ta’mirdan chiqqan ta’mirtalab yo‘llar yoxud “Romitan” magistral yo‘lining bugungi ahvoli hech kimni qiziqtirmaydimi?! (+video)

Buxoro viloyatidagi “Romitan” magistral yo‘li. Bu yo‘ldagi muammolar haqida haydovchi bilan Toshkentdan Qoraqalpog‘istoncha gaplashib ketsangiz ham suhbat tugamaydi.

Kattalarimiz bekorga yo‘lga chiqayotgan paytimizda “Yo‘ling bexatar bo‘lsin”, “Allohim panohida asrab, yo‘lda yo‘ldoshing bo‘lsin” deya duolar qilishmagan. Axir olis manzillarimizni yaqin qiladigan yo‘ldir. Bugungi kunda jahon standartlariga javob beradigan yo‘llarni qurish zamon talabiga aylanmoqda. Xo‘sh, bu borada mamlakatimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? To‘g‘ri, oxirgi besh-olti yilda avtotransport yo‘llari ko‘zimizni quvontiradigan bo‘ldi. Manzillarimizga xotirjam va xavfsiz yetib olishga ishonchimiz oshdi.

IIV matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda 6236 ta yo‘l transport hodisasi yuz bergan va oqibatida 2262 ta kishi halok bo‘lgan, 8458 ta kishi tan jarohati olgan. Bu bir kunda 6 ta kishi avtohalokat tufayli vafot etishi demakdir. Aynan ushbu avtohalokatlarning asosiy qismi Surxondaryo, Qamchiq dovoni, Jizzax viloyati va Buxoro viloyatining “Romitan” yo‘llarida yuz bergan.

Qayd etish joizki, shaharlararo trassalarda muntazam ravishda avtomashinalarning qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida yo‘l transport hodisalari sodir bo‘ladi. Xo‘sh, bunday ko‘rsatkichga nima sabab bo‘lmoqda?

Kuzatganmisiz nega yo‘llarimiz ta’mirdan tez chiqadiyu, ammo uzoq vaqtga chidamaydi? Axir bitta yo‘lni qurib bitkazish uchun ozmuncha xarajat ketadimi?! Yo‘llarimizdagi ta’mirlash ishlari hech qachon tugamaydigandek tuyiladi. Qaysi viloyatga safarga bormaylik kilometrlarga cho‘zilgan, buzilayotgan yoki tuzatilayotgan yo‘l ustidan chiqamiz. Qarabsizki bu yo‘llar aslida yangi qurib bitkazilgan yo‘lning qayta ta’miri bo‘lib hisoblanadi.

Buxoro viloyatidagi “Romitan” magistral yo‘li. Bu yo‘ldagi muammolar haqida haydovchi bilan Toshkentdan Qoraqalpog‘istoncha gaplashib ketsangiz ham suhbat tugamaydi. Qoraqalpoq, Xorazm va Buxoro diyorini birlashtirib turadigan bu yo‘lda avtomobilda harakatlanish azob. Gazlidan Romitongacha 100 kilometrga cho‘zilgan chuqurlik va notekisliklarga to‘la yo‘lda yo‘l qoidalariga amal qilib yurishning o‘zi qiyin. Nomiga qilingan ta’mirlash ishlari va yillar davomida “oyni etak bilan yopib” kelingan bu yo‘lni yana necha yil shu holida ko‘rar ekanmiz?! O‘zimiz o‘zbekchilik deb yo‘lning u yog‘i bu yog‘idan yo‘l topib o‘taverarmiz. Yurtimizga kelgan chet ellik sayyohlar nima qilsin?! Axir ularni birinchi qiziqtiradigan joylar Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarimiz emasmi?!

Ortiz Netali (ispaniyalik sayyoh):

– O‘zbekiston haqida ishxonamadagi hamkasbimdan eshitganman. Bu yerdagi tarixiy shaharlar meni qiziqtirib qo‘ygan. O‘zim ham Markaziy Osiyo davlatlariga kelishni xohladim. 2018 yilda Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarida bo‘ldik. Orol dengizini ham ko‘rmoqchimisiz. Ammo biz juda charchadik, poezd yoki samolyotga chipta olmagan edik. Chunki yengil mashinada sayohat qilish qulay deb o‘yladik. Ammo yo‘llarda juda qiynaldik. Ayniqsa, yo‘lda avtohalokatga uchrashimizga ozgina qoldi. Shu vaqtda o‘zimni xavfli eksprementlik loyihada qatnashayotgan ishtirokchidek his qildim.

  1. Yusupov (haydovchi):

– Toshkent-Xorazm yo‘nalishida ko‘p yillardan beri haydovchilik qilaman. Tirikchiligim shundan o‘tadi. Lekin har doim yo‘lga chiqqanimda “yuragimni qo‘limga ushlab” ketaman. Chunki Romitan yo‘lida yo‘lning notekisligi, chuqurliklardan qochish oqibatida ikki marta avtohalokatga uchraganman. Qancha ehtiyotkor bo‘lmayin, ammo muammo faqat o‘zimda emas. Bu bo‘yicha “O‘zavtoyo‘l” AKga taksichilar bilan juda ko‘p murojaat qilganmiz. Ta’mirlab beriladi degan javobdan boshqasini ololmadik.

Uzog‘imizni yaqin qiluvchi, manzilimizga xavfsiz yetib olishimizga sababchi bo‘lgan yo‘llarimizdagi muammolar balki kun kelib ijobiy tarafga o‘zgarar. Avtotransport yo‘llardagi muammolar qachon hal bo‘linishini tegishli tashkilotlardan umumiy javob bilan emas, amaliy harakatlar bilan kutib qolamiz.

Ayjamal JOLDASBAEVA