Yangiliklar

“Toʻtiqush shaydosi” ni chuv tushirishdi…

Odamzodning tabiati qiziq! Antiqa narsalardan zavq oladi! Buni baʼzilar “xobbi” deb biladi, baʼzilar “biznes”, birovlar uchun esa shunchaki qiziqish…
Orifjon Samarqandning mashhur Registon koʻchasida joylashgan “ZOOMAGAZIN” doʻkonidan toʻtiqush sotib olayotganda,bunchalik sarson – sargardon boʻlishini bilmagandi!

Oʻta noyob juft toʻtiqush zotlarini 5 100 000 (besh million yuz ming soʻmga) xarid qildi. (Qushlarni oziqlantirish va parvarishlash vositalari, qafasi ham shu summaning ichida) Bu noyob qush zotidan nasl olmoqchi edi, doʻkon xodimi bunga uni ishontirgandi. Vaʼda amalga oshmagach, “Qush shaydosi” toʻtiqushlarni doʻkonga qaytarishga qaror qildi va qaytardi ham. Tadbirkor “molini” qaytarib oldi, ammo pullarni egasiga qaytarishni paysalga solaverdi.

Oradan uch oy oʻtsada, pullarini ololmagan xaridor Respublika Bosh Prokuraturasi ishonch telefoniga murojaat qildi. Ushbu murojaat Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiya mutasaddilari tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi.

Oʻrganishlar natijasiga koʻra, qushlar allaqachon boshqa xaridorga sotib yuborilgan. Amaldagi qonun talablariga koʻra, O. Karimovning  faqat qushlar uchun toʻlagan  4 500 000 (toʻrt yarim million soʻm) soʻm pullari  doʻkon maʼmuriyatidan toʻliq undirib berildi.