TUSHUNMOVCHILIK SABABLI

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani, Toshkent yo‘li ko‘chasida yashovchi fuqaro Javlon Jumaqulovdan murojaat kelib tushdi. Iste’molchi o‘z arizasida Olmazor tumanida joylashgan ,,Arba.uz” internet do‘koniga “Xiaomi Redmi Note 4X” rusumli uyali aloqa telefonini olish uchun 1 417 500 so‘m pul to‘lab, buyurtma bergani, ammo iste’molchiga boshqa markali uyali aloqa telefoni yetkazib berilganini ta’kidlagan.

Murojaat hududiyligi bo‘yicha Olmazor tuman jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganildi. O‘rganish davomida internet do‘konning mijozlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i xaridor bilan tushunmovchilik sababli mazkur holat yuzaga kelgani aniqlandi. Do‘kon xodimiga qonuniy tushuntirish olib borildi va iste’molchining telefon uchun to‘lagan puli o‘ziga qaytarib berildi.