TUSHUNMOVCHILIKLAR QACHON TUGAYDI!?

O`zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumanning Bo`ston qishlog`ida yashovchi fuqaro S.Toshtemirovning xonadonida plastik kartali elektr hisoblagich (smart kartali) bo`lishiga qaramay unga nisbatan tuman Elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2 047 477 so`m miqdorida qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo`lib yozgan arizasi kelib tushdi.

Mazkur arizada ko`rsatilgan holatlar jamiyat xodimlari tomonidan o`rganib chiqilganda iste’molchining eski abonentidagi mavjud 345 000 so`m miqdoridagi qarzdorligini bartaraf etmasdan (o`rganuv ishlari vaqtida 90 000 so`m to`landi), foydalanishda bo`lgan mavjud plastik kartali elektr hisoblagichiga yangi abonent nomer ochib foydalanib kelayotganligi va bu hisoblagichdan qarzdorligi mavjud emasligi, eski abonent nomeridagi qarzdorlik bartaraf etilmaganligi va ushbu abonent nomer o`chirilmaganligi uchun kompyuter bazasining PK dasturida kunbay hisoblab kelganligi hamda hozirda bu qarzdorlik 2 047 477 so`mni tashkil etayotgani ma’lum bo`ldi.

O`rganish davomida aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan tuman Elektr tarmoqlari korxonasiga aloqa xati orqali murojaat qilindi. Mazkur aloqa xatiga kelgan javob xatida tuman Elektr tarmoqlari PK dasturida iste’molchining 256 085 so`m miqdorida qarzdorligi mavjudligi, bu qarzdorlik iste’molchi tomonidan qoplangan taqdirda PK elektr hisob dasturidan chiqarish mumkinligi ma’lum qilingan.

Natijada iste’molchiga nisbatan hisoblangan 1 701 504 so`m miqdoridagi noreal qarzdorlik bartaraf etilishiga erishildi.