Yangiliklar

Xalqaro iste’molchilar tashkiloti sammiti boshlandi

MDH mamlakatlaridan faqat O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan KonfOP (Xalqaro iste’molchilar jamiyatlari konfederatsiyasi) Xalqaro iste’molchilar tashkilotining to‘laqonli a’zolari hisoblanadi.

Bugun Portugaliyaning Eshtoril shahrida “Consumer International”ning (Xalqaro iste’molchilar tashkiloti)har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan sammiti boshlandi. Unda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov ham ishtirok etmoqda.

“Consumer International”ning “Iste’molchilar raqamli innovatsiya markazida bo‘lsin” shiori ostida o‘tayotgan sammitining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar bugungi tobora globallashib va raqamlashib borayotgan, tovarlar va xizmatlar chegara bilmayotgan dunyoda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish har qachongidan dolzarb masalaga aylanayotganini alohida ta’kidladi.

Sammit doirasida iste’molchilar huquqlarini onlayn himoyalashda standartlarga amal qilish, kelgusi raqamli davr iste’molchilar imkoniyatlarini kengaytirish uchun raqamli savodxonlikni oshirish hamda ushbu sohada muayyan muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlarning tajribasini o‘rganish singari masalalarga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazildi.

Sammit ishini 2 mayga qadar davom ettiradi. O‘sha kuni “Consumer International”ning bosh assambleyasi o‘tkaziladi. Unda tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi uning yangi raisini va 15 nafar kengash a’zosini saylash uchun ovoz beradi.