XODIM NIZOMGA ZID ISH QILDI!

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Mirishkor tumani Jeynov qishlog`i “Kattapoy” mahallasida yashovchi fuqaro Jasurbek Yomg`irov majburiy ijro byurosi Mirishkor tuman bo`limi inspektori xatti-harakatlaridan norozi bo`lib murojaat qildi. U o`z murojaatida majburiy ijro xodimlari xonadoniga kelib, elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy bayonnoma tuzgan va tarmoqdan uzib qo`yishgan. Shuningdek, qayta hisob-kitob uchun jarima undirishgan. Fuqaro mazkur masalaga oydinlik kiritishda amaliy yordam so`ragan.

Murojaat tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi hamda masalaga aloqador tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida o`rganib chiqildi. O`rganishlar natijasida majburiy ijro byurosi xodimlari bayonnomani O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-son qarori 1-ilovasida keltirilgan elektr energiyasini hisob-kitob qilish tartibiga zid tarzda tuzganligi va qayta hisob-kitob ham noto`g`ri amalga oshirilgani aniqlandi.

Qayta hisob-kitobda noto`g`ri hisoblangan 1 100 000 so`m mablag` iste’molchiga qaytarildi.