Yangiliklar

XORIJ FUQAROSINING ISTEʼMOLCHI SIFATIDAGI HUQUQI TIKLANDI

2018-yilning 13-dekabrida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Koreya Respublikasi isteʼmolchilar agentligi oʻrtasida ikki mamlakat fuqarolarining isteʼmolchi sifatida buzilgan huquqlarini tiklash, tarnschegaraviy murojaatlarni koʻrib chiqish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Mazkur hujjatga muvofiq, joriy yildan boshlab Oʻzbekiston hududida boʻlgan Koreya Respublikasi fuqarolari taklif, shikoyat va ariza bilan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 “ishonch telefoni”ga yoki www.istemol.uz elektron manziliga murojaat qilishlari, xuddi shu kabi Koreya Respublikasida ishlayotgan, taʼlim olayotgan yoki bu mamlakatga sayyoh sifatida borgan yurtdoshlarimiz isteʼmolchi sifatida – u savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasida boʻlishidan qatʼi nazar, huquqlari buzilgan holatlarda Koreya isteʼmolchilar agentligining 1372 “ishonch telefoni”ga yoki crossborder@kca.go.kr elektron manziliga murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Ushbu amaliyot ikki mamlakat sayyohlariga koʻp miqdorda zarar yetkazilishi, shuningdek mamlakatning turizm salohiyati va nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muammolarga oʻz vaqtida yechim topishga yordam bermoqda.

Mazkur hamkorlik doirasida yaqinda Federatsiyaga Koreya isteʼmolchilar agentligi tomonidan, Koreya fuqarosi Minah Kim (Ms. Minah Kim)ning arizasi kelib tushdi.

Minah Kim xonim 2018-yil 6-noyabrida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi amalga oshiradigan ICN (Incheon) – TAS (Tashkent) – TLV (Tel Aviv) aviaqatnovi boʻyicha Ispaniyaning chiptalarga buyurtma beruvchi Travelgenio agentligi orqali bir tomonga ikkita aviachiptani kredit kartasidan jami 1 203 177 Koreya voni toʻlab sotib oladi.

Chiptalarga buyurtma berish agentligidan dekabrdagi reyslar oʻzgarishi haqida maʼlumot olgan Kim xonim “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasidan reyslari jadvalini yuborishni soʻradi. Biroq aviakompaniya vakili tilga olingan reyslar boʻyicha jadvalda oʻzgarish yoʻqligini aytadi.
Roʻyxatdan oʻtish vaqtida Kim xonimga ayni aviareys boshqa muqobil reys taklif etmasdan bekor qilinganini aytishgandan soʻng u oxirgi manzilga yetib borish uchun boshqa aviachipta sotib olishga majbur boʻldi.
Keyinchalik Kim xonim Travelgenio agentligidan ham, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasidan ham noiloj tarzda ishlatilmay qolgan bron pulini qaytarishni islimos qiladi. Shundan soʻng, chiptani bron qilib bergan agentlik 608 448 vonni (bitta bron uchun) 2019-yil 29-yanvarida qaytaradi.
Murojaat muallifi ikkinchi bron uchun haligacha pul qaytarilmayotganidan norozigi va chipta pulini qaytarib olishda yordam amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.

Federatsiya tomonidan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida mazkur koreyalik isteʼmolchining 776 dollar mablagʻi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining Seuldagi vakolatxonasi orqali qoplab berilishiga erishildi.

Eslatib oʻtamiz, MDH mamlakatlaridan faqat Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumer International)ning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi.