YANGI NASOS NOSOZ CHIQDI

Payariqlik Shavkat Mahmudov Samarqand shahridagi “Erkin savdo” majmuasiga qarashli do‘konidan nasos sotib oldi. Dehqonchilik ishi kutib turmaydi. Uskunani darhol ishga solib, ekinlarini sug‘ormoqchi bo‘ldi. Yangi xarid qilingan nasosning ishlamagani sabab, rejasi amalga oshmadi. Shundan so‘ng, fuqaro Mahmudov yana shaharga, uni sotib olgan do‘konga kelib, vaziyatni tushuntirmoqchi va nasosni almashtirib olmoqchi bo‘ldi. Afsuski, sotuvchi uning talablarini rad etdi. U vaqtni boy bermaslik uchun, o‘z hisobidan uskunani 400 000 so‘mga tuzattirdi. Sug‘orish ishlarini nihoyasiga yetkazib, buzilgan huquqi tiklanishini so‘rab, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “1091” qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildi. Shikoyat Samarqand shahar jamiyati mas’ullari tomonidan sotuvchi va xaridor ishtirokida o‘rganildi. Sotuvchiga qonun-qoidalar tushuntirilgandan keyin, u tuzatishga ketgan mablag‘ni iste’molchiga to‘ladi.

                                                                                                                                    Gulchehra Berdiyorova