YETKAZILGAN MODDIY ZARAR TO`LAB BERILDI

Dehqonobod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga Dehqonobod tumani “Aerodrom” mahalla fuqarolar yig`ini, Ibn Sino ko`chasida yashovchi fuqaro Ravshan Xolmatov ariza bilan murojaat qilib, tumanda faoliyat ko`rsatayotgan “Shodlik” xususiy korxonasi xodimlari xizmatidan norozi ekanligini bildirgan.

Mazkur murojaatni jamiyat xodimlari ishtirokida o`rganish jarayonida fuqaro shaxsiy avtomashinasiga yoqilg`i quyish maqsadida tumandagi “Shodlik” xususiy korxonasiga qarashli avtomashinalarga yoqilg`i quyish shahobchasiga borganligi, u yerda xizmat ko`rsatuvchilarning ehtiyotsizliklari natijasida fuqaro avtomashinasiga zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Aniqlangan holat bo`yicha iste’molchi va xizmat ko`rsatuvchi o`rtasida yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish maqsadida fuqarolarga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Natijada korxona xodimlari tomonidan iste’molchi avtomashinasiga yetkazilgan moddiy 250 000 so`mlik zarar ixtiyoriy ravishda to`lab berildi.