“ZELAL TEKSTIL” KORXONASI ISHCHILARI BILAN UCHRASHUV

O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan aholi o`rtasida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun hujjatlarini keng targ`ib qilish, aholining huquqiy ongi va iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida “Zelal Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Fuqarolar murojaatlari hamisha e’tiborda” mavzuida davra suhbati o`tkazildi.

Davra suhbatida mazkur korxonaning ishchi-xodimlari O`zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonunning mazmun-mohiyatidan xabardor bo`lishdi.

Xususan, mazkur qonunda fuqarolarning murojaat etish huquqi, murojaatning shakl va turlari, ularga qo`yiladigan talablar, berish va ko`rib chiqish muddatlari haqidagi tartib-qoidalardan voqif bo`ldilar.

Tadbirda jamiyat direktori o`rinbosari Baxtiyor Ahmedov korxona faoliyati, unda amalga

oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan bo`lsa, O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi U.Mansurova tomonidan mamlakatimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonun va sohaga oid me’yoriy hujjatlarning ijrosini ta’minlashda Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari tomonidan iste’molchilardan og`zaki, yozma va elektron tarzda tushayotgan murojaatlar va ularning yechimi bilan ham tanishtirib o`tildi.

Davra suhbati so`nggida tadbir ishtirokchilari o`zlarini soha bo`yicha qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.