Yangiliklar

3 550 000 SOʻMLIK YAROQSIZ SHIFER BOSHQASIGA ALMASHTIRILDI

Dehqonobod tumani Boʻston mahallasida yashovchi Jasur Jovliyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “ishonch telefoni” orqali qilgan murojaati Dehqonobod tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganib chiqildi.

Murojaatda bildirilishicha, J. Jovliyev shu yilning may oyida tumandagi “Xoliq oʻgʻli Joʻra bobo” xususiy korxonasiga qarashli qurilish mollari savdo doʻkonidan 3 550 000 soʻmga 100 dona shifer sotib olgan. Biroq hozirgi kunga kelib ushbu shifer mahsulotlari oʻz-oʻzidan turgan joyida qurilishda foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Murojaatda savdo doʻkoni sotuvchisi tomonidan sifatsiz shifer mahsulotlarini boshqasiga almashtirish yoki yetkazilgan zararni qoplash masalasi paysalga solinayotganligi qayd etilgan.

J.Jovliyevning murojaati amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq oʻrganib chiqildi va mazkur qonun talablari sotuvchiga tushunrildi. Oʻrganish jarayonida isteʼmolchiga sotilgan 100 dona sifatsiz shifer mahsulotlari boshqasiga almashtirib berilishi taʼminlandi.