
28.03.2024
Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro J.D. O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoni orqali murojaat qilib, bankdan olgan avtokredit qarzdorligini 3 kun ichida to‘lagan bo‘lsa-da, “Omad sug‘urta” AJ tomonidan foydalanilmagan kunlar uchun sug‘urta mukofoti qaytarilmaganligidan noroziligini bayon qilgan.
Navoiy shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida sug‘urta kompaniyasi tomonidan tuzilgan shartnomada sug‘urtalovchining huquqlari cheklanganligi, ya'ni "sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta shartnomasi muddatidan avval bekor qilinganida, sug‘urtalovchiga to‘langan pul mukofoti qaytarib berilmasligi” to‘g‘risidagi bandlarning qonunchilikka zid ekanligi aniqlandi. Shundan so‘ng, sug‘urta kompaniyasi mutasaddilariga O‘zbekiston Respublikasi Fuqorolik kodekisining “Sug‘urta shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish tartibi” hamda O‘zbekiston Respublikasi “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi — shartnomaning iste'molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas, deb hisoblanishi to‘g‘risidagi talablar hamda oqibatlari tushuntirildi.
O‘rganishlar yakunida sug‘urta kompaniyasi tomonidan iste'molchiga sug‘urta amal qilmagan vaqtga mutanosib ravishda sug‘urta mukofoti qaytarib berildi.