
17.04.2024
Bag‘dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning "Saidobod" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.G.ning qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan tovarning sifati talab darajasida emasligi va uni almashtirilishida amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste'molchining so‘zlariga ko‘ra, u tumanda faoliyat olib borayotgan "Ishonch" savdo do‘konlar tarmog‘idan 12 oy davomida bo‘lib to‘lash shartlari bo‘yicha shartnoma qiymati 4 614 282 so‘m bo‘lgan "Xiaomi Redmi Note" rusumli mobil qurilmani xarid qilgan va undan foydalanishi jarayonida aloqa va internet sifatining o‘ta pastligi ma'lum bo'lgan. Buni mobil kompaniya antennalari qamrovidan bo‘lishi mumkinligini gumon qilgan iste'molchi yashash joyiga yaqin boshqa hududlarda ham ishlatib ko‘radi, lekin o‘zgarish sezmagach, sotuvchi huzuriga kelib o‘zi nuqsonli deb gumon qilgan mobil qurilmani boshqasiga almashtirib berishlarini so‘ragan. Ammo ijobiy natijaga erisha olmagach esa tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste'molchiga oldi-sotdi jarayonida sotuvchi o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar haqida o‘z vaqtida zurur, to‘g‘ri va tushunarli ma'lumot berishi, muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirishi, tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi, zarurat bo‘lsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart. Qonunchilikning amaldagi talablarini to‘laqonli bajarilmasligi esa sotuvchi uchun kelgusida turli noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchi bilan ushbu holatlar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. O‘rganish ishlari esa iste'molchining qo‘lidagi mobil qurilmani boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi bilan yakun topdi.