
18.04.2024
Navoiy shahar "Sputnik" qo'rg'onida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.Q. "Media park" savdo do'konidan "Honor X6a" rusumli telefon sotib olgan, ammo u sifatsiz chiqqani va savdo do'koni mas'ullariga bir necha bor murojaat qilgan bo'lsa-da, hech qanday ijobiy natija bo'lmaganidan shikoyat qilgan.
Ushbu murojaat Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar davomida haqiqatan ham iste’molchiga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan telefon apparati mutlaqo foydalanishga yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Aslida, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddadasida belgilanganidek, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart. Yuqoridagi qonunchilik talablari tadbirkorga to'laligicha tushuntirilgach, sotuvchi tomonidan telefon qurilmasi yangi va sifatlisiga almashtirib berildi.