
19.04.2024
Uchquduq shahrida yashovchi fuqaro X.V. 2022-yil aprel oyida Uchquduq dehqon bozori hududida joylashgan “MEXRIDDIN UCHQUDUQ 7777” MCHJga tegishli 170-sonli do‘kondan “ISEMIR” markali televizorni 3 million 600 ming so‘mga 3 yillik kafolat muddati bilan xarid qilgan. Ammo kafolat muddati tugamasdan, ya’ni 2023-yilning aprel oyi o‘rtalarida televizor ishlamasdan qolgan. Shundan so‘ng, fuqaro televizorning nosozligini MCHJ rahbari Mehriddin Mustaqimovga aytib, uni do‘konga olib borgan. Ta’mirlatilgan televizor uyga keltirilgach, bir kun o‘tmasdan, yana nosoz holga kelgan va yana uni do‘konga qaytarishga majbur bo‘lgan. Fuqaro televizorni qayta ta’mirlatib berishni so‘rab, bir necha marotaba qilgan murojaatiga javoban, do‘kon rahbaridan har safar haqoratli gaplarni ham eshitgan. Shundan so‘ng, fuqaro o‘zining iste’molchi sifatida buzilgan huquqlarini himoya qilinishida amaliy yordam so‘rab, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan MCHJ rahbariga iste’molchining huquqlari hamda xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilik me’yorlari, talablari to‘g‘risida tushuntirishlar berilgan. Ammo rahbar tushunishni xohlamagan, jamiyat xodimlarini hatto haqoratlab, “qonunlaringga tupurib qo‘yganman” deya o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini ham namoyon qilgan (ushbu holat bo‘yicha IIBga qilingan murojaatdan so‘ng, M.Mustaqimov jamiyat xodimlaridan kechirim so‘ragan, sud tomonidan kelishuv bilan yarashilganligi to‘g‘risida qaror chiqarilgan).
Shundan so‘ng, xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan fuqaroning iste’molchi sifatida buzilgan huquqlarini himoya qilinishini ta’minlash maqsadida Uchquduq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan sudga da’vo arizasi kiritildi.
2024-yilning 3-aprel kuni sud ushbu ish bo‘yicha o‘zining hal qiluv qarorini chiqardi. Unga ko‘ra, Da’vogar — Uchquduq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining da’vo arizasi qanoatlantirildi. Javobgar “MEXRIDDIN UCHQUDUQ 7777” MCHJdan iste’molchi foydasiga 3 600 000 so‘m tovar qiymati, 1 000 000 so‘m penya, 1 000 000 so‘m ma’naviy zarar va 34 000 pochta xarajati; davlat daromadiga 1 230 080 so‘m davlat boji — jami 6 864 080 so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqarildi.