Telegram-bot Virtual qabulxona

29.04.2024

O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-son qarori bo‘yicha MUROJAATI

2024-yil 16-aprelda “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 204-son qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda taʼminlash, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatilishini va energiya tejovchi texnologiyalar keng joriy etilishini rag‘batlantirish, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazishni davom ettirish maqsadi ko‘zda tutildi. Ma`lumotlarga ko`ra 2021-yilda 100 ta davlat ichida Islandiya (52 688 kVt/soat), Norvegiya (23 027 kVt/soat), Bahrayn (21 365 kVt/soat) kabi davlatlar yillik bir kishiga to‘g‘ri keladigan elektr energiyasi isteʼmoli bo‘yicha eng yuqori uchtalikka kirgan bo‘lsa, Myanma (204 kVt/soat), Nigeriya (119 kVt/soat), DR Kongo (83 kVt/soat) kabi davlatlar eng past ko‘rsatkichlar bilan 98-100 o‘rinlarni qayd qilganlar. O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlar Qozog‘istonda ushbu ko‘rsatkich yillik 4 932 kVt/soatni, • Turkmanistonda 2 524 kVt/soatni, • Qirg‘iziston Respublikasida 1 840 kVt/soatni, Tojikistonda 1 753 kVt/soatni tashkil etgan. O‘zbekistonda esa Markaziy Osiyodagi eng past – bir kishiga yillik 1 599 kVt/soat ko‘rsatkich (74-o‘rin) qayd qilingan. Bundan kelib chiqilsa, yurtimizda bir nafar shaxsga 2021-yilda to‘g‘ri kelgan o‘rtacha yillik isteʼmol 1 599 kVt/soat, oyiga esa 133,25 kVt/soatni tashkil qilgan. Agar ushbu ko‘rsatkichni 4 nafar aʼzosi bo‘lgan bitta uy xo‘jaligi uchun hisoblab ko‘rsak, oylik isteʼmol 4133,25 kVt/soat = 533 kVt/soatga to‘g‘ri kelgani ayon bo‘ladi. Bugungi kunda bir nafar shaxs uchun zaruriy elektr energiyasi isteʼmoli oyiga 75 kVt dan 110 kVtgachani tashkil qilayotgani haqida maʼlumotlar turli manbalarda keltirib o`tilmoqda. Keling, mamlakatimiz aholisi uchun hisob-kitoblarimizga ana shu zaruriy isteʼmol ko‘rsatkichini yuqoridagi normadan eng quyisi, yaʼni bir kishiga 75 kVt deb olaylik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining aholining turmush darajasi bo‘yicha rasmiy maʼlumotlariga ko‘ra, 2023 yilda respublikadagi uy xo‘jaliklarining 61,4 foizida aʼzolari soni 5 va undan ko‘p nafar kishini, respublika bo‘yicha uy xo‘jaliklari aʼzolari sonining o‘rtacha umumiy ko‘rsatkichi esa 5,1 nafarni tashkil qiladi. Ushbu ko‘rsatkichga asoslangan holda va uni biroz pasaytirib, mamlakatimizdagi har bir uy xo‘jaligida o‘rtacha 4 nafardan odam istiqomat qiladi hamda har bir xo‘jalik alohida elektr taʼminoti abonenti deb olaylik. Qish mavsumi, shuningdek, oxirgi yillardagi yozning ham anomal issiq kelishi holatlarini hisobga olmagan holda, bir kishiga bir oylik o‘rtacha zaruriy isteʼmol 75 kVt, 4 nafar aʼzodan iborat bitta xo‘jalik uchun esa bir oyda o‘rtacha 475 kVt/ soat = 300 kVt/soat zaruriy isteʼmol kelib chiqadi. Yuqoridagilardan hamda bugungi kunimiz real voqeligi, isitish mavsumida aholi (maishiy isteʼmolchilar)ni tabiiy gaz bilan taʼminlashdagi qiyinchiliklar, buning ortidan aholi xonadonni isitishda qo‘shimcha elektr energiyasidan ham foydalanishga majbur bo‘layotgani, shuningdek, aholining turmush darajasi o‘sib borishi bilan xonadonlarda yozning jazirma issig‘ida konditsionerlardan va boshqa sovutish moslamalaridan keng foydalanilayotgani holatlarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi elektr energiyasi isteʼmoli uchun “bir oylik bazaviy meʼyor” ko‘rsatkichini 200 kVt/soat emas, balki 300 kVt/soat etib belgilanishi, qish mavsumidagi elektr energiyasi isteʼmoli uchun ham, tabiiy gaz isteʼmoli uchun qarorda keltirilgani kabi, “isitish mavsumi” taʼrifi kiritilishi, mazkur “isitish mavsumi”da isteʼmolchilarning III guruhi (aholi, 1.2.2-band) isteʼmolchilariga “bir oylik bazaviy meʼyor” ko‘rsatkichini 500 kVt/soat etib belgilash taklifi ko`rib chiqilishini so`raydi.

O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00