
07.05.2024
Qo‘qon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan qo‘shni Dang‘ara tumanida yashovchi M.M. ning shahardagi kredit savdo do‘konidan xarid qilingan mobil telefon nuqsonli chiqqanligi bo'yicha og‘zaki murojaati o‘rganib chiqildi.
Iste'molchi shaharda faoliyat olib borayotgan "Ishonch" savdo do‘konidan shartnoma qiymati 6 069 000 so‘m bo‘lgan "Samsung A-54" rusumli telefonni xarid qilganligini, lekin unda nuqson aniqlangach, mobil qurilmani maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi borasida do‘kon mas'ullariga qilgan murojaatlari e'tiborsiz qoldirilayotganini ma'lum qilgan.
Ushbu masalaga shahar jamiyati mutaxassislarining aralashuvi va olib borilgan qonun targ‘iboti ishlari tezdagina o‘z natijasini ko‘rsatdi. Sotuvchi tomonidan amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, uyali aloqa vositasi xuddi shu rusumdagi mobil qurilmaga almashtirib berildi.