
07.05.2024
Koson tumanida yashovchi fuqaro J.T.ning yashash xonadoni bundan sakkiz yil muqaddam tabiiy gaz tarmogʻidan uzib qoʻyiladi. U bugungi kunga qadar xonadonida faqat suyultirilgan gaz balonidan foydalanib keladi. Biroq tuman gaz idorasi unga nisbatan tabiiy gaz toʻlovlaridan 3 million 502 ming soʻm qarzdorlik hisoblab, undirib olmoqchi boʻladi. Iste'molchi oʻzining haq ekanligini, toʻlovlardan qarzdorligi mavjud emasligini isbotlashga qancha urinmasin, hech qanday natijaga erisha olmaydi.
Fuqaroning bu haqdagi murojaati tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganildi. Aniqlanishicha, uning xonadoni gaz ta'minoti tashkilotining dalolatnomasi asosida 2016-yilning 11-dekabr kuni tarmoqdan uzilgan. Ammo shunga qaramasdan, oʻtgan sakkiz yil davomida iste'molchining xonadoniga gaz sarfi uchun qarzdorlik hisoblab kelingan.
Mazkur holat yuzasidan iste'molchining manfaatlarini himoya qilib fuqarolik ishlari boʻyicha Koson tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi va hisoblangan asossiz qarzdorlik toʻliq bekor qilinishi ta'minlandi. Shuningdek, barcha sud xarajatlari javobgardan undirilishi belgilandi.