
14.05.2024
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga xorazmlik ikki fuqaro nomidan bir xil mazmundagi murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarda qayd etilishicha, ikki fuqaro ham Gurlan tumanida joylashgan "Aminov" savdo do'konidan biri 18 million so'mlik, biri 26 million so'mlik elektromotosikllar sotib olgan. Ammo ular nosoz bo'lib chiqqan. Iste'molchilarning bu borada savdo do'koni xodimlariga qilgan murojaatlari esa e'tiborsiz qoldirilgan.
Ushbu holat yuzasidan Gurlan tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o'rganish ishlari olib borilib, sotuvchiga O'zbekiston Respublikasining "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonunining tegishli moddalari tushuntirildi. Shundan so'ng, iste'molchilarning nosoz elektromotosikllari yangisiga almashtirib berildi.