
15.05.2024
Ko‘p qavatli uylarni xarid qiluvchi aksariyat xaridorlar oldindan to‘lovni amalga oshirib, qurilishi tugallanmagan xonadonlarni xarid qilishadi. Shartnomada belgilangan muddatda xonadonlar topshirilmasa, bu holat iste’molchi va quruvchi tashkilot o‘rtasida chinakam nizoga sabab bo‘lishi mumkin.
Buxoro tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Z. “X K M K” MCHJ bilan shartnoma imzolab, qurilayotgan ko‘p qavatli uyning 3-qavatida joylashgan 2 xonali 67 m2 hajmli xonadon uchun 151 750 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Shartnomada xonadon joriy yilning mart oyida foydalanishga topshirilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, hozirgi vaqtgacha xonadon iste’molchiga topshirilmagan.
Bu kabi holatga tushgan, aynan shu quruvchi tashkilot bilan shartnoma imzolab, xonadon xarid qilgan N.M. ham 4-qavatdan 2 xonali 67 m2 hajmli xonadonga ega bo‘lishi kerak edi. Shartnomada ko‘rsatilgan 151 750 000 so‘mni to‘laganiga qaramasdan, xonadondan darak bo‘lmagan.
Har ikkala fuqaro ham amaliy yordam so‘rab, Buxoro tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ariza bilan murojaat qilishgan. Jamiyat raisi F.Bo‘ronov sa’y-harakatlari natijasida, nizoli vaziyatga yechim topildi. Ikkala fuqaroga ham kechiktirilgan xonadonlar olib berilib, quruvchi tashkilotga qonuniy tushuntirishlar berildi.